UZLIVESTOCKChorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti

Biotexnologiya laboratoriyasi

Jinsga ajratilgan urug‘dan foydalanish, biogumus va qora askar pashsha lichinkasidan oqsilli biomassa ishlab chiqarish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28-martdagi “O‘zbekiston respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4254 son qaroriga asosan “Immunogenetika” laboratoriyasi tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, bazilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi PF-67-son asosan “Biotexnologiya” laboratoriyasiga o‘zgartirilgan.

Hozirgi kunda “Biotexnologiya” laboratoriyasi q.x.f.n., dotsent Xolmatov Anvarjon Xakimjonovich rahbarligida va laborant R.Ismoilova bilan birgalikda bir qator tadqiqot ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Erishilgan natijalar

Laboratoriya olimlari tomonidan 2021-2023 yillar davomida “Biotexnologiya usulida jinsga ajratilgan urug‘lardan foydalanib, qora-ola zotli qoramollarning sut mahsuldorligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha institutining tajriba xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan.

Amerikaning “Holston Assogiation USA” kompaniyasi tomonidan “VELVET” tizimidagi jinsga ajratilgan golshtin zotli nasldor buqa urug‘lari olib kelinib, institut tajriba xo‘jaligidagi tajriba guruhidagi sigirlarni sinxron usulda kuyga keltirib otalantirildi va ulardan belgilangan muddata 95% urg‘ochi buzoqlar olishga erishildi. Olingan avlodlarni o‘sish va rivojlanishi, ularni parvarishlash va asrash hamda boshqa parametrlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi.

Hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlar asosiy yo‘nalishlari

2024-2026 yillar uchun laboratoriya olimlari tomonidan “Biotexnologik jarayonlar orqali ozuqalarning to‘yimliligini oshirish usullarini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha institutning tajriba xo‘jaligida ilmiy asosda Kaliforniya qizil yomg‘ir chuvalchangi yordamida organik chiqindilardan biogumus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Laboratoriya sharoitida qora askar pashsha (Hermetia illucens) lichinkasi biomassasi yetishtirishning biotexnologik usulini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Natijada oqsilga boy biomassa ishlab chiqarishga erishildi va olingan organik ozuqaviy qo‘shimchasini tajriba guruhidagi tuxum yo‘nalishidagi xonaki tovuq jo‘jalarining ratsioniga belgilangan me’yorda qo‘shib berish yo‘li bilan ularning o‘sish-rivojlanishi va yashovchanligi ilmiy tahlil qilinmoqda.

Istiqboldagi rejalar

Laboratoriya olimlari tomonidan erishilgan ilmiy natijalarni chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida va xonadonlarda qo‘llash. Ilmiy asosda ishlab chiqarilgan zoogumus va biogumus, qora askar pashsha (Hermetia illucens) lichinkasini parrandachilik, baliqchilik va dekorativ gulchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning talab va extiyojiga qarab tijoratlashtiirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.

Laboratoriyalar