UZLIVESTOCKChorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti

Bo‘lim

Yilqichilik bo‘limi

Tarixi 1932-yilda tashkil etilgan yilqichilik stansiyasidan boshlanadi. Qorabayir zoti bo‘yicha 10 ta tizim, 12 ta genealogik guruh va 31 ta oila yaratilgan.

Yilqichilik bo‘limining tashkil etilishi institut tarixi bilan bevosita bog‘liq. Toshkentda 1932 yil 31 yanvar kuni Butunittifoq yilqichilik institutining O‘rta Osiyo hududiy stansiyasi tashkil etilgan. Keyinchalik mazkur dargoh “Chimkent tuyachilik stansiyasi” bilan birlashtirilib, Toshkent yilqichilik va tuyachilik tajriba stansiyasi deb nomlangan. Bu stansiyaning asosiy faoliyat doirasi O‘rta Osiyo respublikalari va janubiy Qozog‘istonni qamrab olishi mo‘ljallangan bo‘lib, uning tarkibida naslchilik, oziqlantirish, yem-xashak yetishtirish, otlardan foydalanish va kimyo laboratoriyasi kabi bo‘limlar faoliyat ko‘rsatgan.

O‘zbekistonda ilk marotaba yilqichilikni tashkil qilishga professor V.A.Shekin, V.M.Popova, S.D.Shaxvorostov, keyinchalik K.A.Lixov kabi olimlar munosib hissa qo‘shganlar. Bo‘limda turli yillarda K.A.Lixov, R.V.Samibekov, A.P.Afanasiyev, Y.A.Shvaytser, N.F.Reznichenko, N.V.Gorbacheva, P.K.Trofimov, E.Xolmurodov, M.Xolmirzayev, A.A.Nurmatov, O.M.Sharipovlar faoliyat ko‘rsatgan.

Hozirgi paytda bo‘limga q.x.f.n., katta ilmiy xodim Hafizov Inoyat Ismoilovich rahbarlik qilib kelmoqda.

Erishilgan natijalar

Bo‘lim olimlari tomonidan qorabayir zoti bo‘yicha 10 ta tizim, 12 ta geneologik guruh va 31 ta oilalar yaratilgan. Zotni takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan bonitirovka natijalariga asosan 4 ta “Qorabayir davlat naslchilik kitob”lari ishlab chiqilgan va ularga 1500 boshdan ko‘proq naslli otlarning qimmatli ma’lumotlari kiritilgan.

K.A.Lixov tomonidan 1972-yilda qorabayirning “Basket” va “Filin” tizimlari va 1995 yilda “Qopqon” tizimi, keyingi yillarda esa “Kross” va “Bonna” genealogik guruhlari yaratilgan. Keyingi yillarda biologik faol qo‘shimchalardan foydalanib yosh toylarni jadal o‘stirish texnologiyasi ishlab chiqildi.

Bo‘limda ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari

Bo‘lim olimlari tomonidan qorabayir zotli otlarini genofondini saqlash, yilqichilikda seleksiya-naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil qilish, zotni nasl xususiyatlarini va mahsuldorligini takomillashtirib borish, otlarga to‘laqiymatli oziqlantirish, parvarishlash va saqlash sharoitlarining iqtisodiy tejamkor texnologiyalarini yaratish borasida ko‘p yillardan buyon tadqiqotlar olib borilmoqda.

Hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlar

Tadqiqotning yo‘nalishi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” MChJ ot zavodida otlarning O‘zbekiston sharoitiga xos bo‘lgan yangi tipini yaratish va ushbu otlar to‘g‘risida elektron ma’lumotlar baza(EMB)sini barpo etishdan iborat.

Istiqboldagi rejalar

  • Qorabayir zot otlar genofondini sof holda saqlash va ularning genbankini tashkil qilish, qorabayir zot otlari negizida sport, xizmat va ekoturizm yo‘nalishidagi otlarning yangi tipilarni yaratishdan
  • Sut yo‘nalishidagi yilqichilikni tashkil qilish, aholining shifobaxsh qimiz ichimligiga bo‘lgan talabini qondirish orqali oziq-ovqat ta’minotini hamda xavfsizligini ta’minlash va ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borishda yoshlarni jalb qilish
  • Tabiiy va madaniy yaylov yilqichiligini

zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishdan iborat.

Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.

Ilmiy bo‘limlar