Faoliyatini 1932-yilda laboratoriya sifatida boshlagan. “O‘zbekiston jundor” echki zoti, angor va zaanen echkilari bo‘yicha seleksiya ishlari.
Qo‘ychilik va echkichilik bo‘limi dastavval qo‘ychilik va echkichilik laboratoriyasi sifatida o‘z faoliyatini 1932-yilda chorvachilik stansiyasi tashkil etilgan davrda boshlagan.
Erishilgan natijalar
Bo‘lim tomonidan 1936-yilda AQShdan 50 bosh angor zotli takalarni import qilingan va Professor P.F.Kiyatkin, N.S.Perepelisina, F.X.Mamadaliyev, S.Yusupovlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. 1963-yilda “O‘zbekiston jundor” echki zoti yaratilgan. Zotni takomillashtirilishi natijasida zot ichidagi “Uzun va zich junli” hamda “Uzun va zich tivitli” tizimlari 1988-yilda tasdiqlangan. Mualliflari professor F.X.Mamadaliyev, q.x.f.n. B.A.Svankulov hamda Namangan viloyatidagi echkichilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarning mutaxassislari, q.x.f.n. F.Qambarov, X.Radjabovlar. Sutdor echkichilikka q.x.f.nomzodlari B.Svankulov, S.Xadjibekov, M.Saidgaziyeva va I.Y.Eshmatovlar tomonidan asos solindi. Sutdor echkichilik tarmog‘ini rivojlantirishda zaanen zotli echkilarda tizim va oilalarni yaratish bo‘yicha faoliyat yuritib, sut yo‘nalishidagi sof zaanen zoti ichidagi tizim takalaridan 3 bosh avlodboshi hamda 34 bosh ona echkilar oila asoschilarini yaratishga asos solindi.
Hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlar
Hozirgi kunda “Chetdan keltirilgan Turkiya seleksiyasiga mansub angor zotli echkilarni O‘zbekistonning issiq iqlim sharoitiga moslashuvchanligi” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqot ishlarini olib borishda Turkiya seleksiyasiga mansub echkilarga qiymatli oziqlantirish sharoitini yaratish, ularning kelib chiqishini o‘rganish, zootexnikaviy hujjatlarini rasmiylashtirish, yil fasllari bo‘yicha klinik va gematologik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, echkilarning o‘sish-rivojlanishini, eksteryer ko‘rsatkichlari o‘rganish kabi vazifalar qo‘yilgan.
Istiqboldagi rejalar
- Turkiyadan keltirilgan yuqori mahsuldor echkilarning kelib chiqishini o‘rganish va mahalliy ona echkilar bilan juftlashtirish
- Duragay avlodlarida tivit berish xususiyatlarini oshirish
- Duragay echkilarning pushtdorligini yaxshilash, yuqori mahsuldor podalar yaratish
- Olingan yuqori mahsuldor duragay echkilaridan yangi tizimlar yaratish.
Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.