UZLIVESTOCKChorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti

Bo‘lim

Qoramolchilik bo‘limi

1953-yilda tashkil topgan. Shvits zotining “Vodiy” tipi, “Emil” va “Roksi” liniyalari, “Navbahor” oilalari hamda qoramollarni genetik pasportlashtirish tadqiqotlari.

Qoramolchilik bo‘limi 1953-yilda tashkil topgan. Uni dastlab q.x.f.n. A.A.Atbashyan boshqargan. 1976-yildan 1982-yilgacha professor E.Y.Karchevskiy, 1982-1989-yillarda q.x.f.n. A.I.Reshetov, 1989-yildan 2021 yilgacha q.x.f.d. professor M.E.Ashirov, 2021 yildan hozirgi kungacha q.x.f.n. X.A.Giyasov boshqarib kelmoqda. Bo‘limda q.x.f. nomzodlari N.M.Rasulev, A.M.Mustafayev, M.I.Samarsev, K.M.Madaminov, A.I.Reshetov, Y.B.Kim, B.J.Nosirov va boshqalar faoliyat ko‘rsatgan.

Erishilgan natijalar

Bo‘limda shvits zotli qoramollarning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha 1990-yilgacha fan nomzodlari M.I.Samarsev va K.M.Madaminovlar ishlagan. Bo‘lim olimlari tomonidan shvis zotining 2 ta yangi “Emil” va “Roksi” liniyalari, sermahsul sigirlarning “Navbahor” oilalari, hamda zot ichidagi “Vodiy” tipi yaratilgan. 2018-yilda ularga 4 ta patent olingan.

Professor E.Y.Karchevskiy rahbarligida 1980-yilda qora-ola zotining “Sama-viske” va “Reynok 119” liniyalari yaratilib tasdiqlangan. 1990-yilda qora-ola zotining zot ichidagi tipi yaratildi. Qora-ola zotini chatishtirishda golshtin zotli nasldor buqalar urug‘idan foydalanib “Chinoz”, “Do‘stlik”, “Qizil shalola” davlat naslchilik zavodlarida, “Malik” va “O‘zbekiston” naslchilik xo‘jaliklarida golshtinlashtirilgan qora-ola zotining sermahsul genotiplari va podalari yaratilgan. Bu ishlar akademik Sh.A.Akmalxonov, professorlar U.N.Nosirov va M.E.Ashirovlarning uslubiy rahbarligida amalga oshirilgan.

Bo‘limda hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari

Qoramollarda moleklyar-genetik tadqiqotlar o‘tkazish, biotexnologiyaning ilg‘or usullarini qo‘llagan holda qoramollarning zoti va mahsuldorligini takomillashtirish, sermahsul podalar va yangi zotlar yaratishga asos solish bo‘lim tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Fundamental va amaliy loyihalar ijrosi

Bo‘lim tomonidan 2 ta fundamental loyihalar ishlab chiqilgan va loyihalar tanloviga berilgan. Bitta ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda bo‘lim boshlig‘i q.x.f.n. X.A.Giyasov rahbarligida O‘zFAning Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari bilan hamkorlikda qoramollarni genetik pasportini yaratish, ularning mahsuldorlik va nasldorlik ko‘rsatkichlarini erta aniqlash bo‘yicha “Noyob zotli hayvonlarni genetik jixatdan pasportlashtirish uchun molekulyar panellar ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha doirasida molekulyar-genetik tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

Erishilgan natijalar

“Naslchilik” ilmiy-ishlab chiqarish markazidagi bushuyev zotiga mansub “Sherxan” laqabli nasldor buqaning genlari to‘liq genetik tahlil qilindi va genetik ma’lumotlari AQShning xalqaro GenBank NCBI va Yevropa nukleotid arxiviga EMBL-EBI ga (Angliya) hamda Yaponiyaning DDBJ DNK ma’lumotlari bazasiga ID PP504900 raqam bilan kiritildi. “Sherxan” laqabli nasldor buqa A2A2 gomozigotali genotipga ega ekanligi aniqlandi. Shuningdek bushev zoti genetik jihatdan (Bos indicus) “Gir” zebusimon qoramol zotiga (ID nomer Genbank PRDE01000026) 99,51% irsiy o‘xshashligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, bo‘lim olimlari tomonidan Toshkent viloyati xo‘jaliklarida biotexnologiyaning ilg‘or usullaridan bo‘lgan qoramol embrionlarini “in vivo” usulida ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirildi va 50 foiz retsipiyent sigir va tanalardan sog‘lom buzoqlar olindi. Bugungi kunda ularning o‘sish-rivojlanishi o‘rganilmoqda.

Istiqboldagi rejalar

Koreyaning “Kopia” markazi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatidagi “Sulton” fermer xo‘jaligida Koreyadan keltirilgan qoramol embrionlarini “in vivo” usulida ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-amaliy loyiha amalga oshiriladi. Toshkent viloyati xo‘jaliklarida biotexnologiyaning ilg‘or usullarini qo‘llagan holda qoramollarning sermahsul podalari yaratilishiga asos solinadi.

Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.

Ilmiy bo‘limlar