2008-yilda filial sifatida tashkil etilgan, 2017-yilda stansiyaga aylantirilgan. Janubiy hududlarda qoramolchilik bo‘yicha tadqiqotlar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 15 iyuldagi 02-25-86 – son yig‘ilish bayoni topshiriqlaridan kelib chiqib, janubiy mintaqlarda chorvachilikni rivojlantirishning ilmiy asoslarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining 2008-yil 7-iyuldagi 87-k – son buyrug‘i va Qashqadaryo viloyati hokimining 2008-yil 26-iyuldagi X-169/7 – son qaroriga asosan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali tashkil etilgan.
Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi PF-5094-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoni, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 31 iyuldagi 217-sonli buyrug‘i va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab- chiqarish markazining 2017 yil 2 avgustdagi 50-sonli buyruqlari asosida institut Qashqadaryo filiali, Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasiga aylantirilgan.
Erishilgan natijalar
Sut yo‘nalishidagi bushuyev zotli qoramollar genofondini saqlab qolishga, bosh sonini ko‘paytirishga va mollar mahsuldorligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilgan. Shvits zotli sigirlar amerika va avstriya seleksiyalariga mansub shvits zotli nasldor buqalar bilan juftlashtirilib, yuqori mahsuldor sigirlar podalarini yaratishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazilgan. Mamlakatimizning janubiy mintaqalariga xorijiy davlatlardan keltirilgan qizil-ola golshtin va qizil cho‘l zotli qoramollarni urchitish hamda ularni avlodlarini ko‘paytirish maqsadlarida ularni to‘la qiymatli oziqlantirish, yaxshi asrash va saqlash sharoitlarini yaratish hamda avlodlarining mahsuldorlik xususiyatlarini to‘liq yuzaga chiqarish usulini ilmiy asoslarini ishlab chiqish yuzasidan ahamiyatga molik ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borilgan. QX-I-QX-2018-124 “Chetdan keltirilgan qoramollar avlodlarining mahsuldorligini oshirish usulini joriy etish” mavzusidagi innovasiya loyihasi (2018-2019 yillar), A-QX-2021-124 raqamli “Sirdaryo viloyatining tabiiy ofat yuz bergan hududlarida “Bushuyev” zotli qoramollarni yuqori mahsuldor podalarni yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi amalga oshirilgan.
Stansiyada ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari
Sigirlarning buzoq berish xususiyatlari va pushtdorligini yaxshilash, avlodlarining nasl sifatiga binoan buqalarni baholash va eng yaxshilarini naslchilik ishlarida qo‘llash maqsadida podani qayta to‘ldirish, sun’iy urug‘lantirish uslullarini takomillashtirish. Chorvachilik va parrandachilik sohalarida respublikamizning janubiy mintaqalaridagi muhim tadqiqotlarni tadbiq etish. Respublikamizning janubiy mintaqalarida qishloq xo‘jaligi ozuqa ekinlarining birlamchi urug‘chiligini rivojlantirishda seleksiya yutuqlarini sinovdan o‘tkazishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligida ilg‘or ilmiy ishlanmalar va jadal texnologiyalarni hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda joriy etish.
Hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlar
Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasi 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Janubiy hududlarlarda qizil cho‘l va golshtin zotli qoramollarning naslini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari qoramolchilik fermer xo‘jaligida mamlakatimizga xorijdan keltirilayotgan naslli mollarni janubiy hududlarda moslashtirish, seleksiya ishlarini olib borish va mavjud mol bosh sonini ko‘paytirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarni olib bormoqda.
Istiqboldagi rejalar
- Respublikamizda yaratilgan yagona issiq iqlim sharoitiga moslashgan va qon-parazitar kasalliklariga chidamli bushuyev zotli qoramollarning genofondini saqlash, ko‘paytirish, naslini yaxshilash va mahsuldorlik xususiyatlarini oshirish bo‘yicha ilmiy va amaliy yordam berish.
- Stansiyada dolzarb mavzulardagi fundamental, amaliy va innovasion loyihalar bo‘yichatadqiqotlar olib borilishini qo‘llab-quvvatlash.
Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.