UZLIVESTOCKChorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti

Hududiy bo‘lim

Ohangaron bo‘limi

2017-yil mart oyidan faoliyat yuritadi. Dumbali qo‘ylarning “Aqchasoy” tipi, go‘shtdor-serjun qo‘ylar genofondi, yaylovlardan rejali foydalanish.

Ohangaron bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-yanvardagi “Toshkent viloyati hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi 36-son qaroriga asosan tashkil qilingan. Institutning Ohangaron bo‘limi 2017 yilning mart oyidan faoliyat yuritib kelmoqda.

Bo‘limning asosiy faoliyat yo‘nalishlari

Qishloq xo‘jaligi hayvonlarining nasl, mahsuldorlik, pushtdorlik, texnologik va boshqa hususiyatlarini takomillashtirishning usullarini ishlab chiqish. Sun’iy urug‘lantirish ishlarini keng joriy etish va seleksiya-naslchilik ishlarini tubdan yaxshilash, mavjud zotlarning irsiy imkoniyatlaridan foydalanib, sermahsul yangi tip va zotlarini yaratish hisoblanadi.

Bo‘limda erishilgan asosiy natijalar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘quv-tajriba xo‘jaliklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi № 611/18-qaroriga asosan institutning Ohangaron bo‘limida O‘quv tajriba xo‘jaligi tashkil etildi va lalmi, yaylov yer maydonlari ajratildi.

Xorijdan keltirilgan jahon genofondiga xos naslli qo‘chqorlarning muzlatilgan urug‘lari bilan yarim mayin jun yo‘nalishidagi O‘zbekistonning go‘shtdor-serjun qo‘ylarida sun’iy urug‘lantirish joriy etildi.

Yarim mayin jun beruvchi go‘shtdor-serjun qo‘ylarning genofondi saqlandi va ko‘paytirildi. Ularning bosh soni 2017-yilda 105 bosh bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu qo‘ylarning bosh soni 4 ming boshga yetdi;

Innovatsion loyiha doirasida tog‘ va tog‘oldi hududlarida yaylovlaridan rejali foydalanish tizimi ishlab chiqildi. Yaylovlarning botanik holati o‘rganildi va tahlil qilindi. 2 ga yaylov maydonida qurg‘oqchilikka chidamli ko‘p yillik ozuqa ekinlarning birlamchi urug‘chiligi tashkil etildi, 15 ga yaylov madaniylashtirildi, 75 ga yaylov maydonlari sim to‘siqlar bilan o‘raldi, yaylov hosildorligi 2,5-3,0 s/ga dan 5,5-6,0 s/ga ga oshirildi. Bu esa yaylov o‘simlik turlarini saqlanishiga, yaylovlarning inqizori oldi olinishiga hamda biologik xilma-xillikni saqlash va hudud faunasi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Go‘sht-yog‘ mahsuldorlik yo‘nalishidagi dumbali qo‘ylarning yangi “Aqchasoy” tipi yaratildi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hay’at kengashi qarori bilan seleksiya yutug‘iga (№ZAP 34) patent olindi. 2017-yildan shu kungacha 3 ta patent olindi.

Istiqboldagi rejalar

  • Kelib chiqishi umumiy, o‘ziga xos geneologik va seleksiya strukturasiga ega, xo‘jalik foydali xususiyatlarini nasldan-naslga o‘tkaza oladigan, tashqi sharoitlarga chidamli, dag‘al junli go‘sht-yog‘ mahsuldorlik yo‘nalishidagi dumbali qo‘ylarning yangi zotini yaratish
  • Jahon bozori talablariga javob beradigan, parhezbop go‘sht beruvchi, yarim mayin jun yo‘nalishidagi yangi O‘zbekistonning go‘shtdor-serjun zotini yaratish
  • Biotexnologik usullarda jahon genofondiga xos naslli qo‘chqor zotlarining urug‘larini olish, tayyorlash va urug‘ zaxira bankini yaratish.

Xorij ilmiy dargohlar bilan hamkorlik

Bo‘lim tomonidan Butunrossiya qo‘ychilik va echkichilik ilmiy-tadqiqot instituti, Tojikiston Fanlar akademiyasi Chorvachilik va yaylov ilmiy-tadqiqot instituti, Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti, K.I.Skryabin nomidagi Kirg‘iz milliy agrar universiteti va boshqa ilmiy dargohlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.

Ilmiy bo‘limlar