1958-yilda tashkil etilgan. Asalarilarning yangi liniyasi (2024-yil patenti), ona asalarini sun’iy urug‘lantirish, Asalarichilik maktabi.
1958-yilda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Qozog‘iston asalarichilik ilmiy tajriba stansiysining Bo‘stonliq tumani “Asalarichilik tayanch punkiti” negizida institutning asalarichilik bo”limi tashkil etilgan.
Asalarichilik bo‘limida dastlab ilmiy xodim T.I.Pechisheva va R.A.G‘aniyevalar ishlagan bo‘lsa, bir yildan so‘ng q.x.f.n. N.F.Kraxotin asalarichilik bo‘limi mudirligiga tayinlangan. Keyinchalik bo‘limda I.Lakatkin va B.Danilyanlar hisobiga ilmiy xodimlar soni ancha ko‘paygan. Asalarichilik bo‘limi ilmiy xodimlari T.I.Pechisheva, R.A.G‘aniev, I.Lakatkin, B.Danilyanlar serasal o‘simliklar o‘sadigan voxa va tog‘li hududlarda asalarichilik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borganlar hamda N.Kraxotin tomonidan esa O‘zbekistonning tog‘li hududlarida iqlimlashgan mahalliy asalari populyatsiylarini o‘rganish bilan shug‘illanib kelganlar.
1965-1974 yillarda N.Kraxotin va V.Kashtanovlar tashabbusi bilan tog‘ kulrang kavkaz asalarilari, o‘rta rus asalarilari, Uzoq sharq asalarilari, Krainka asalarilari hamda Italyanka asalari (Star-Layn, AQSH) zotlarini O‘zbekistonga keltirib, ularni respublikamiz sharoitiga iqlimlashtirish ishlari olib borilgan.
2005-yildan hozirgacha bo‘limga professor To‘rayev Omon Safarovich rahbarlik qilib kelmoqda va bo‘limda Orazimbetova Zilola Xudoybergan qizi bilan birgalikda tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunga O‘zbekistonda mahalliy populyatsiyadagi asalarilarning yuqori mahsuldor duragay liniyalarini yaratish va ularni joriy etish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Erishilgan natijalar
O‘zbekiston sharoitida ilk bor ona asalarini sun’iy usulda urug‘lantirish ishlari olib borilib kutilgan natijalarga erishilgan. 2023 yilda “Asalarichilik tajriba stansiyasi” hamda “Asalarichilik maktabi” tashkil etilib, unda asalarichilik sohasiga qiziquvchilar o‘qitib kelinmoqda. O‘zbekiston sharoitida mahalliy populyatsiyadagi asalarilar yangi liniyasi yaratildi va unga 2024-yilda patent olindi. Mahalliy populyasiyadagi asalarilarning genofondini sof holda saqlab qolish va ularni naslini yaxshilash maqsadida sun’iy usulda ona asalari yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Natijada oila mahsuldorligini 10-15 % ga va iqtisodiy samaradorlikni esa 12-14 % ga o‘stirishga erishildi. Asalarichilik bo‘limi xodimlari tomonidan 2007-yildan xozirgacha 1 ta fundamental, 4 ta amaliy va 3 ta innovasion tadqiqotlar loyihalari bajarilgan. Ulardan ijobiy natijalar olingan va ishlab chiqarishga joriy etilgan. Bundan tashqari, bo‘lim tomonidan respublikamizda keng maydonlarda yetishtiriladigan g‘oza o‘simligini asalarilar yordamida changlatish natijasida paxta hosildorligini va asalari oilasi mahsuldorligini oshirish borasida ham ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Bo‘limda hozirgi paytdagi ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari
- O‘zbekiston sharoitida asalari oilasini qo‘shimcha tabiiy ozuqalar bilan oziqlantirish va ularning me’yorlarini ishlab chiqish
- Tabiiy ozuqalarning asalari oilasini o‘sishi va rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish
- Qo‘shimcha oqsilli ozuqalarni asal mahsuldorligiga va uning sifat ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganish
- Tabiiy ozuqalarning asalari organizmiga, undagi suv miqdoriga, azot, oqsillar, aminokislotalar va mikroelementlarga ta’sirini o‘rganish
- Har xil tarkibli qo‘shimcha ozuqalar bilan oziqlantirilgan asalari oilalarini asal mahsuldorligiga va uning qishloviga ta’sirini o‘rganish.
Istiqboldagi rejalar
- O‘zbekistonda asalarilarning yangi zotlarini yaratish
- Mahalliy populiyatsiyadagi asalarilarning kimyoviy vositalarga chidamli bo‘lgan yangi linyalarini yaratish
- O‘zbekiston sharoitida sun’iy usulda urug‘lantirib yetishtirilgan ona asalarilardan foydalanish texnologiyasini keng joriy qilish.
Manba: institut kitobi (Toshkent, 2024). Ma’lumotlar 2024-yil holatiga ko‘ra keltirilgan.